Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yaqin Sharqdagi mojaro Yevropada yangi energetika inqirozini yuzaga keltirmoqda

Yaqin Sharqdagi mojaro Yevropada yangi energetika inqirozini yuzaga keltirmoqda

AQSh va Isroilning Eronga qarshi boshlagan harbiy amaliyotlari ortidan Yevropa Ittifoqi yangi energetika inqirozi xavfiga duch kelishi mumkin. Yaqin Sharqdagi mojaro jahon gaz bozorida keskin tebranishlarga sabab bo‘ldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Yevropa uchun asosiy gaz savdo maydonchasi hisoblangan TTF (Title Transfer Facility) da gaz narxi keskin oshdi. Seshanba kuni bir megavatt-soat gaz narxi 54,3 yevroga yetdi. Bu esa juma kuni qayd etilgan 31,9 yevrolik narxdan ancha yuqori.

Narxlarning keskin o‘sishiga asosiy sabablardan biri — Qatarda suyultirilgan tabiiy gaz (LNG) ishlab chiqarishning vaqtincha to‘xtatilishi bo‘ldi.  Bu qaror Eronning javob zarbalari xavfi bilan izohlanmoqda.

Qatar dunyodagi eng yirik LNG eksportchilaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, Hurmuz bo‘g‘ozining amalda yopilishi ham energiya tashish yo‘llariga tahdid solmoqda.

Yevropa davlatlari vaziyatni yaqindan kuzatmoqda. Niderlandiya bosh vaziri Rob Yetten hukumati zarur bo‘lsa qo‘shimcha choralar ko‘rishga tayyorligini bildirdi.

«Erondagi urush nafaqat Yevropa, balki Osiyodagi strategik zaxiralarga ham ta’sir qilishi mumkin», – dedi u Bryusselga tashrifi chog‘ida.

Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches esa hukumati aholi va biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun turli ssenariylarni ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron xalqaro koalitsiya tuzib, Hurmuz bo‘g‘ozi, Suvaysh kanali va Qizil dengizdagi dengiz yo‘llarini himoya qilish tashabbusini ilgari surdi.

«Bu urush neft va gaz narxlari hamda xalqaro savdoga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda», – dedi Makron.

Bryusseldagi rasmiylar Yevropa hozircha gaz ta’minoti bo‘yicha barqaror holatda ekanini ta’kidlamoqda. Hozirda Yevropa import qilayotgan LNGning 58 foizi AQShdan, Qatar hissasi esa 8 foiz atrofida.

Biroq Eron bilan mojaro uzoq davom etsa, Osiyo davlatlari — Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya va Hindiston — AQSh gazi uchun Yevropa bilan raqobatga kirishi mumkin. Bu esa gaz narxlarini yanada oshirishi ehtimoldan xoli emas.

Hozirgi vaziyat 2022 yilda Rossiya gaz ta’minotini qisqartirganidan keyin Yevropa duch kelgan energetika inqirozini eslatmoqda. O‘sha paytda TTF maydonchasida gaz narxi bir paytning o‘zida 348 yevro/MVt·soatgacha ko‘tarilgan edi.

Shundan keyin Yevropa LNG terminallarini ko‘paytirdi, gaz iste’molini qisqartirdi va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirishga kirishdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring