Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yohann Vadeful olmon diplomatiyasining bosh maqsadini ochiqladi

Yohann Vadeful olmon diplomatiyasining bosh maqsadini ochiqladi

Foto: dpa

Dunyoda beqarorlik avj olgan hozirgi davrda diplomatiyaning ahamiyati har qachongidan ham ortdi, deb hisoblaydi Germaniya tashqi ishlar vaziri Yohann Vadeful. Mamlakat tashqi ishlar vazirligi qayta tashkil etilganining 75 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda nutq so‘zlagan olmon bosh diplomati uch asosiy global tahdidga e’tibor qaratdi.

«Bugun diplomatiya har qachongidan ham muhim ekaniga imonim komil. Binobarin, qarshimizda misli ko‘rilmagan ulkan tahdidlar turibdi. Men uch jihatni sanab o‘tmoqchiman. Birinchidan, biz so‘nggi 75 yil mobaynida ko‘rib-bilib kelganimiz xalqaro tartib bosim ostida qolmoqda — ayrimlar uni yakson qilishga urinmoqda. Ikkinchidan, Transatlantik aloqalarimiz chuqur o‘zgarishga yuz tutmoqda. Aynan Amerika Qo‘shma Shtatlari bizni natsistlar rejimidan xalos etgani, yosh Germaniya Federativ Respublikasiga ulkan ta’sir ko‘rsatgani va bizning birlashuvimizga hissa qo‘shganini hech qachon unutmasligimizni zarur. Uchinchidan, Yevropa bir necha avlod hayoti mobaynida ilk bor bir vaqtning o‘zida o‘z chegaralari va qo‘shni mintaqada ikkita urushga ro‘baro‘ kelmoqda: qit’amiz yuragida Rossiya o‘z qo‘shnisi Ukrainaga qarshi boshlagan tajovuzkor urush hamda Yaqin Sharq va Fors ko‘rfazi mintaqasidagi muhorabani nazarda tutayotirman», — dedi TIV Yohann Vadeful.

Germaniyaning o‘z xavfsizligi ham so‘nggi 75 yil ichida tahdid ostida qolmoqda.

«Shu bois biz Yevropa ahli bir tanu bir jon bo‘lishimiz kerak. Yevropani xavfsiz-xatarsiz qilish ustuvor maqsad bo‘lishi lozim. Mana shunday tahdid va xavf-xatarlarni inobatga olib, xavfsiz, erkin va farovon kelajakni barpo etishdan to‘xtamasdan, uni asrab qolishga intilishni men Germaniya diplomatiyasining asosiy vazifasi deb hisoblayman», — dedi siyosatchi.

Notiqqa ko‘ra, zamonaviy tahdidlar muammolarni hal etish borasida yangicha yondashuvlarni amalga tatbiq etish, diplomatik xizmatni davr talablari asosida isloh qilishni taqozo etmoqda. Shunga muvofiq noyabr oyidan e’tiboran Germaniya diplomatik xizmati tuzilmalari dunyodagi o‘zgarishlarga hamohang tarzda qayta tashkil etiladi.

«Bu biz ish uslubimizni ham qayta ko‘rib chiqishimiz lozimligini anglatadi. Axir, sun’iy intellekt, yangi kommunikatsiya vositalari bizning kasbimizni ham o‘zgartirmoqda. Darvoqe, men 60 yoshdan oshgan vazir sifatida ijtimoiy tarmoqlarda sahifa yuritishim sabablaridan biri ham shu. Men ishonamanki, bugun biz ham xorijda, ham o‘z vatanimizda tashqi siyosatni yaxshiroq tushuntirishimiz kerak», — dedi Vadeful.

Vazir o‘z nutqi mobaynida o‘tmishda hamda bugun diplomatiya kabi mashaqqatli va sharafli kasb majburiyatlarini vijdonan ado etgan va ado etib kelayotgan yurtdoshlarini ehtirom bilan tilga olgan.

Ma’lumot o‘rnida: Germaniya tashqi ishlar vazirligi (Auswärtiges Amt) asli 1870-yilda ta’sis etilgan. Ikkinchi jahon urushidan keyin, 1951-yilning 15-martida tashqi siyosat mahkamasi demokratiya va erkinlik tamoyillari asosida qaytadan tashkil qilingan. Atoqli siyosiy arbob Konrad Adenauer ilk federal tashqi ishlar vaziri sifatida faoliyatga kirishgan.

Ayni paytda poytaxt Berlin hamda Bonn shahrida idoralarga, xorijda 230 ga yaqin vakolatxonalarga ega vazirlik Germaniyaning chet mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar bilan robitalariga mas’uldir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring