Yo‘llarda sun’iy to‘siqlar va notekisliklar yaratish taqiqlanmoqda
7-aprel kuni Senatning navbatdagi yalpi majlisida yangi tahrirdagi «Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida»gi qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Qonunning asosiy maqsadi yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, ulardan foydalanish tartibini belgilash hamda sohadagi munosabatlarni tizimlashtirishdan iborat. Shuningdek, qaror qabul qilish jarayonlarida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash muhim mezon sifatida belgilanmoqda.
Eng muhim yangiliklardan biri — yo‘llarda sun’iy to‘siqlar va notekisliklar yaratish taqiqlanishidir. Bu qaror yo‘l-transport hodisalarini kamaytirish va harakat xavfsizligini oshirishga qaratilgan.
Qonunga muvofiq, avtomobil yo‘llari bepul yoki belgilangan tartibda pullik bo‘lishi mumkin. Bu esa sohaga xususiy investitsiyalarni jalb qilish va infratuzilmani rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, og‘ir vaznli va yirik gabaritli transport vositalarining harakatlanishi faqat maxsus ruxsatnoma asosida amalga oshirilishi belgilanmoqda.
Qonun doirasida davlat-xususiy sheriklik asosida yo‘llarni moliyalashtirish, to‘lovlarni avtomatlashtirish va foydalanuvchilar bilan operatorlar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish masalalari ham qamrab olingan.
Senatorlar ta’kidlashicha, mazkur Qonun yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, harakat tezligini oshirish va tirbandliklarni kamaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, yo‘l-transport hodisalari sonini qisqartirish va inson hayotini muhofaza qilish asosiy ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilanmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter