Toshkentda MO va Ozarbayjon madaniyat vazirlari uchrashdi
Joriy yilning 13 noyabr kuni poytaxt Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida boshlangan «Markaziy Osiyo: umumiy ma’naviy-ma’rifiy meros – umumiy kelajak» mavzusidagi xalqaro kongress doirasida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon madaniyat vazirlarining ilk uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ko‘p tomonlama hamkorlikning turli masalalari ko‘rib chiqilishi, madaniyat va san’atning turli yo‘nalishlaridagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv kun tartibidan mintaqaviy madaniy hamkorlikning joriy holati va istiqbollari, mintaqadagi madaniyat arboblari o‘rtasida madaniy almashinuvni kengaytirish hamda Markaziy Osiyo uchun madaniy brendni rivojlantirish kabi masalalar o‘rin oldi.
Markaziy Osiyo davlatlari madaniyat vazirlari Toshkentda mintaqaviy madaniy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.
Vazirlar Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi tarixiy, madaniy va ma’naviy yaqinlik mintaqaviy birdamlikni mustahkamlovchi muhim omil ekanini ta’kidladilar. Tomonlar 2022 yilda imzolangan «I asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish yo‘lida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma» tamoyillariga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi.
Uchrashuv davomida madaniy aloqalarni yanada kengaytirish, xalqlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va bag‘rikenglikni mustahkamlash, shuningdek, mintaqada tinchlik va o‘zaro tushunishni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar ko‘rib chiqildi. Tomonlar san’at, adabiyot, kino, teatr va musiqa sohalarida qo‘shma tadbir va festivallarni o‘tkazishni qo‘llab-quvvatladi.
Madaniy merosni o‘rganish, tiklash va raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni kengaytirish, yosh ijodkorlar o‘rtasidagi almashinuv dasturlarini rivojlantirish, seminarlar, konferensiyalar va yozgi maktablarni tashkil etish masalalari bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, madaniyat va san’at yo‘nalishida kadrlar tayyorlash va malaka oshirish borasida hamkorlikni kuchaytirish niyati bildirildi.
Tomonlar «Markaziy Osiyo madaniy brendi»ni ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh tuzish imkoniyatini ko‘rib chiqishga rozilik bildirdilar. Keyingi vazirlar uchrashuvining sanasi va joyi belgilanishi ma’lum qilindi.
Uchrashuv yakunida, Markaziy Osiyo madaniyat vazirlari o‘rtasida hamkorlik yuzasidan teng kuchga ega besh nusxada bayonnoma imzolandi.
Shuningdek, kunning kechki qismida madaniyat vazirlari poytaxtdagi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida Qozog‘iston Respublikasining teatr vakillari tomonidan sahnalashtirilgan va ijro etilgan «Xon Sulton. Oltin O‘rda» spektaklining namoyishida ishtirok etishdi.
Eslatib o‘tamiz, Markaziy Osiyo madaniyat vazirlarining ushbu formatdagi uchrashuvi ilk marotaba o‘tkazildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter