Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiya Samarqandda qabul qilingan tarixiy qarorni olqishladi

Turkiya Samarqandda qabul qilingan tarixiy qarorni olqishladi

Burhoniddin Duran.

Foto: AA

Turkiya prezidenti huzuridagi Kommunikatsiya boshqarmasi rahbari Burhoniddin Duran Samarqandda o‘tayotgan YuNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasida 15 dekabr sanasi Butunjahon turkiy til oilasi kuni (World Turkic Language Family Day) deb e’lon qilinganini olqishladi.

“Til – millatning xotirasi va madaniyatining muhofizidir. Biz bepoyon jug‘rofiy hududlarga yoyilgan turkiy til oilasining birlashtiruvchi kuch-salohiyatidan hamisha g‘urur tuyamiz”, – dedi siyosiy fanlar doktori Burhoniddin Duran.

Rasmiy Anqaraning yuqori martabali mulozimi Turkiya hamda turkiy davlatlar tomonidan hozirlangan ushbu muhim qaror turkiy tilni asrab-avaylash, mushtarak tarixiy merosni avlodlarga yetkazish hamda qardosh o‘lkalar o‘rtasidagi robitalarni yanada mustahkamlashda muhim o‘rin tutishini ta’kidlagan.

Turkiya tashqi ishlar vazirligi bayonotida esa ushbu hodisa olqishlanar ekan, Butunjahon turkiy til oilasi kuni sanasi turkiy dunyoning ko‘hna shaharlaridan biri Samarqandda e’lon qilingani ramziy ma’no kasb etishi urg‘ulangan.

Turkiyaning YuNESKOdagi doimiy vakili Gulnur Aybet ham til nafaqat muloqot vositasi, balki millatning xotirasi, o‘zligi va donishmandligini avloddan avlodga yetkazuvchi xazina ekanini ta’kidlagan. Diplomat ta’kidicha, ulkan jug‘rofiy hududdagi 200 milliondan ziyod kishi so‘zlashayotgan turkiy til oilasi o‘zida ko‘p asrlik qadriyatlarni mujassam etgandir.

Ma’lumot o‘rnida: Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on joriy yil 7 oktyabr kuni Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining Gabalada bo‘lib o‘tgan sammitida 15 dekabrni Butunjahon turkiy til oilasi kuni etib belgilashni taklif qilgan edi. Xalqaro sana sifatida 15 dekabr tanlangani bejiz emas. Dunyo ahli 1893 yilning ayni shu sanasida turkiy ellarning eng qadimgi umumiy yodgorligi – O‘rxun bitiklari tabdil qilinganidan voqif bo‘lgan edi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring