AQShning NATOdan arazi tarqamagan. Alyans bilan munosabatlar qayta ko‘rib chiqilishi mumkin
AQSh davlat kotibi Marko Rubio NATO davlatlarining Eronga qarshi urushni qo‘llab-quvvatlamaganini «juda katta ko‘ngilsizlik» deb atadi. Uning aytishicha, harbiy amaliyot yakunlanganidan so‘ng Vashington alyans bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqishi mumkin.
Rubioning ta’kidlashicha, AQSh milliy xavfsizligiga tahdid deb baholangan vaziyatda ayrim NATO davlatlari, jumladan Ispaniya, o‘z harbiy bazalaridan foydalanishga ruxsat bermagan. Bu esa AQSh uchun jiddiy savollarni keltirib chiqarmoqda.
«Agar NATO faqat Yevropani himoya qilish uchun xizmat qilsa, lekin AQShga zarur paytda yordam bermasa, bu yaxshi kelishuv emas», – dedi u.
Davlat kotibi NATOning AQSh uchun asosiy afzalliklaridan biri – global harbiy operatsiyalar uchun bazalarga kirish imkoniyati ekanini ta’kidladi. Agar bu imkoniyat cheklansa, alyansning samaradorligi shubha ostida qolishi mumkin.
Ma’lum qilinishicha, mart oyi boshida Ispaniya AQShga o‘z bazalaridan Eronga qarshi zarbalar uchun foydalanishga ruxsat bermagan. Shuningdek, Madrid Amerika-Isroil amaliyotlarida ishtirok etayotgan samolyotlar uchun o‘z havo hududini ham yopgan.
Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches esa bu mojaroni harbiy emas, diplomatik yo‘l bilan hal qilish kerakligini ta’kidlab keladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter