Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buyuk Britaniya «Chelsi» sotuvidan tushgan pullarni Ukrainaga bermoqchi

Buyuk Britaniya «Chelsi» sotuvidan tushgan pullarni Ukrainaga bermoqchi

Buyuk Britaniya hukumati rossiyalik milliarder Roman Abramovichdan «Chelsi» futbol klubi sotuvidan tushgan va hozirda muzlatib qo‘yilgan 2,5 milliard funt sterlingni Ukrainada urushdan jabr ko‘rganlarga gumanitar yordam sifatida yo‘naltirishni talab qildi. London bu masala bo‘yicha kelishuvga erishilmasa, ishni sud orqali hal qilishga tayyor ekanini ma’lum qilgan.

Britaniya bosh vaziri Kir Starmerning ta’kidlashicha, hukumat «Putinning noqonuniy urushi oqibatida hayoti izdan chiqqan odamlarga har bir penning (funt serlingning yuzdan biri) yetib borishi» uchun barcha choralarni ko‘radi. Britaniya rasmiylari sanksiyalar ostida bo‘lgan Abramovichdan mablag‘ni Ukrainadagi eng zaif qatlamlarga yo‘naltirish bo‘yicha aniq takliflar kutmoqda.

Abramovich esa o‘z navbatida, ushbu mablag‘lar «urushning barcha qurbonlariga», jumladan rossiyaliklarga ham yordam sifatida sarflanishi kerak, degan pozitsiyani ilgari surmoqda.

Roman Abramovich 2022-yil mart oyida 19 yil davomida egalik qilgan «Chelsi» klubini sotishini e’lon qilgan edi. Klub amerikalik tadbirkor Todd Bouli boshchiligidagi investorlar guruhiga sotildi. Bitim shartlariga ko‘ra, Abramovich klub sotuvidan shaxsiy foyda olmasligi va tushumni xayriya maqsadlariga yo‘naltirishi kerak edi.

U 2,5 mlrd funtni Ukrainada urushdan jabr ko‘rganlarga yordam berish uchun tashkil etiladigan xayriya jamg‘armasiga o‘tkazishga va’da bergan. Ammo Britaniya hukumati va Abramovich mablag‘larni qanday va kimlar uchun ishlatish masalasida kelisha olmagani sababli pullar haligacha muzlatib qo‘yilgan hisobda qolmoqda.

Muammo shundaki, Abramovichga ushbu mablag‘lar bo‘yicha jinoiy ayblov qo‘yilmagan. Shu bois Britaniya hukumati pullarni majburan musodara qilish uchun uning roziligiga muhtoj.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring